Otalar haqida she’rlar
Otalar, ota mehr-muhabbati, ota duosi va ota siymosi haqidagi ta’sirli she’rlar to‘plami.
Ota haqida yozilgan she’rlar farzand qalbidagi minnatdorlik, hurmat va muhabbat tuyg‘ularini ifodalaydi. Quyida otalar haqida yozilgan mashhur va ta’sirli she’rlar jamlangan.
Otam tabassumi
Otam kulganida juda yayrayman,
Olamga bir boshqa ko‘zla qarayman,
Ollohga shukur deb hech charchamayman,
Otam tabassumin yaxshi ko‘raman.
O‘z dardin hech qachon oshkor etmaydi,
Bizni siqilmasin deya saqlaydi,
Otam kulganida dunyo porlaydi,
Otam tabassumin yaxshi ko‘raman.
Otam yuzlaridan bir nur yog‘ilgay,
Ko‘zlari ham ajib bir hisga to‘lgay,
Meni otam doim duolar qilgay,
Otam tabassumin yaxshi ko‘raman.
Otamga qo‘shilib onam jilmayar,
Bunda mening baxtim ming karra oshar,
Ular kulganlarin ko‘rib quvnayman,
Otam tabassumin yaxshi ko‘raman.
Otam bilan onam doim sog‘ bo‘lsin,
Meni tabassumla duo qilishsin,
Men ham ular ko‘nglin shod aylagayman,
Otam tabassumin yaxshi ko‘raman.
Otalarni yig‘latma hayot
Havas qilar ahli dunyo sabotiga,
Ko‘z tegmasin iymon-etiqodiga,
Dog‘ tushmasin oilasin nomiga,
Otalarni yig‘latma hayot.
Ayollarning makriga hech uchmasin,
Keksayganda farzandlari kechmasin,
Dilbandini tobutini quchmasin,
Otalarni yig‘latma hayot.
O‘g‘li ichib chekib xor bo‘lsa,
Qizi behayo, benomus, beor bo‘lsa,
Ko‘zlariga keng dunyo ham tor bo‘lsa,
Otalarni yig‘latma hayot.
Yig‘lasa ham quvonchidan yig‘lasin,
Farzandlari to‘ylarida o‘ynasin,
Hajga borib dili ko‘zi quvnasin,
Otalarni yig‘latma hayot.
Havas qilar ahli dunyo sabotiga,
Ko‘z tegmasin iymon etiqodiga,
Ko‘z yosh yarashmaydi erkak zotiga,
Otalarni yig‘latma hayot.
Ota duosi — Abdulla Oripov
O‘g‘lim so‘ramasman sendan mol-dunyo,
Uy ham qurib berma, mayli, alomat.
Mayli, ko‘zlarimga bo‘lmagil ziyo,
Yonimda yursang bas sog‘u salomat.
Mayli, ko‘tarmagil meni yelkangda,
Qalqon ham bo‘lmagil yog‘sa malomat.
Bir kuni yostiqqa boshim tekkanda,
Tepamda tursang bas sog‘u salomat.
Ota — Muhammad Yusuf
Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
Qoq dalada o‘tlar bosgan o‘rmonim bor.
Qizg‘aldoqday boshim egik bu makonda,
Yonib yashab o‘tmagan otajonim bor.
Ota desam bag‘ri-dilim yonaverar,
Kunim yonar, oyu yilim yonaverar,
Mozoriga qo‘ygan gulim yonaverar,
Tutunlarga to‘lib ketgan osmonim bor.
Esaversin jannatlardan kelgan nasim,
Momo yerim, o‘zingsan eng muqaddasim,
Bag‘ringda jim tinglab bu tun jon nafasim,
Ruhimni allalab yotgan jahonim bor.
Odam bo‘lib bir odamni tushunmaslar,
Ko‘zingda yosh ko‘rib ham goh o‘kinmaslar,
Bosgan izim poylab yurgan ey nokaslar,
Qabrdan qo‘l cho‘zib turgan qalqonim bor…
Men otamdan qolgan erkin sado-sasman,
Qonimga yot navolarga qayrilmasman,
O‘lgunimcha endi undan ayrilmasman —
O‘z otamdek bo‘lib qolgan imonim bor.
Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
Keng dalada gullar bosgan o‘rmonim bor,
Qizg‘aldoqlar bosh egib qon yig‘lab turgan
Bu makonda mening ham nurjahonim bor.
📚 O‘xshash she’rlar
Do‘stlik haqida she’rlar
Do‘stlik, sadoqat va haqiqiy do‘st haqida yozilgan ta’sirli she’rlar to‘plami.
Ona haqida she’rlar
Onajon, ona mehri, sog‘inch va mehr-oqibat haqidagi ta’sirli she’rlar to‘plami.
Sevgi haqida she’rlar
Sevgi, muhabbat haqida yozilgan ta’sirli to‘plami.
Ustozlar haqida she’rlar
Ustozlar, muallimlar va ta’lim bergan insonlar haqida yozilgan ta’sirli she’rlar to‘plami.
Vatan haqida she’rlar
Vatan, yurt, ona diyor va milliy tuyg‘ular haqidagi sara she’rlar to‘plami.