She’rlar bo‘limi

Ona haqida she’rlar

Onajon, ona mehri, sog‘inch va mehr-oqibat haqidagi ta’sirli she’rlar to‘plami.

Ona haqida yozilgan she’rlar mehr, sog‘inch, duolar va cheksiz muhabbat tuyg‘ularini o‘zida aks ettiradi. Quyida onajonlarga bag‘ishlangan mashhur va ta’sirli she’rlar jamlangan.


Onajon

Necha kunki yo‘q oromim,
Kelolmayman hushimga.
Onajonim kechalari
Kirib chiqar tushimga.

Qo‘llarida oq yelpig‘ich
Oy nurida yaltirar.
Onajonim imlab meni
Qoshlariga chaqirar.

Keltirarlar goho beshik
Ko‘zlarida hayajon.
Yotar payting bo‘ldi-ku, der,
Kela qol, der, bolajon.

Qaylargadir yuguraman,
Fig‘onimdan chiqar dud.
Yig‘lama, deb qo‘llarimga
Tutqazarlar so‘ng tobut.

Tongda ruhsiz ko‘z ochaman,
Qovurilar tanda jon.
Onajonim, bunday qilma,
Bunday qilma, onajon.

Axir o‘zing der eding-ku,
Silab o‘ksuk boshimni:
— Endi senga bersin umr,
Senga bersin yoshimni.

Afsus, o‘zing erta ketding,
Erta ketding olamdan.
Ukalarim bag‘rim ezar,
Ajradik deb onamdan.

Bevaqt xazon bo‘lmay har kim
Yashab o‘tsin dunyoda.
Onajonim, har kim oshin
Oshab o‘tsin dunyoda.

Garchi fano har kimsaga
Azaliy bir qismatdir.
Lekin, ona, tiriklik ham,
Bilsang, yarim hikmatdir.

Tushlarimda, mayli, boshim
Silab turgin, onajon.
Qolganlarga endi umr
Tilab turgin, onajon.


Ona diydoringiz naqadar yaxshi

Ona diydoringiz naqadar yaxshi,
Ona so‘zlaringiz biram yoqimli.
Mehr quyoshingiz olamning naqshi,
Men siz-la baxtliman, judayam baxtli.

G‘am emas erishib bo‘lmas orzular,
Meni sevmasalar qilmaydi alam.
Dilimni cho‘ktira olmaydi bular,
Axir mehribonim yonimda onam.

Qancha mehr mavjud menda bilmayman,
Ammo bilganim shu — bari siz uchun.
Men sizni hammadan yaxshi ko‘raman,
Bundan ortig‘iga yetmaydi kuchim.

Men qancha qilsam ham xizmatingizni,
Qarzimni uzmoqqa yetmas hayotim.
Adog‘i ko‘rinmas himmatingizni,
Siz mening borlig‘im, sizsiz bayotim...

Sizni ta’riflashga ojiz tilimdan
She’r bo‘lib qog‘ozga uchdi shu so‘zlar.
Men faqat xohlayman shuni dilimdan,
Hamisha sevinsin sizdagi ko‘zlar.

Sizning tarbiyangiz bizga bo‘lgan jo,
Sizning duoyingiz madadkor doim.
Takror qilayapman senda iltijo:
Onamni panohda asra, Xudoyim.


Onanga qo‘ng‘iroq qildingmi bugun

Bu dunyoda mehr-oqibat ustun,
Musofir yurtlarda yurganing uchun,
Sog‘inib, intizor kutib turganda,
Onanga qo‘ng‘iroq qildingmi bugun?

Har zum xavotirda soatga qarab,
Har kun duosida, olmading so‘rab.
Gohida pinhona sog‘insa yig‘lab,
Onanga qo‘ng‘iroq qildingmi bugun?

O‘zing uchun yelib, baxtingni topding,
Do‘st-u oshnolarga vaqtingni topding,
Shu kunlarga yetib qadringni topding,
Onanga qo‘ng‘iroq qildingmi bugun?

Nogahon bolanga bir ozor yetsa,
Ko‘zingga dunyo tor, kuning bo‘lar tun.
Sen deb tunlari beorom o‘tsa,
Onanga qo‘ng‘iroq qildingmi bugun?

Onasi qololmay darddan qutqarib,
Mozorga borarlar gullar ko‘tarib,
Mehrga zor bo‘lib qolibdi qarib,
Onanga qo‘ng‘iroq qildingmi bugun?

Mana shu kunlarda bir o‘ylab ko‘rgin,
O‘zing uchun olding qancha zo‘r kiyim.
Aytgin, onang uchun ne qilding, do‘stim,
Bir marta qo‘ng‘iroq qildingmi bugun?


Onajon, yoningizga borayapman

Kuting, ona, yoningizga borayapman.
Ona, dunyo tashvishidan xorib qoldim,
Vaqt hukmiga chidolmay goh nolib qoldim.
Mana bugun sizni yodga olib qoldim.
Umrim mezon, men-chi o‘yga tolayapman,
Kuting, ona, yoningizga borayapman!

Men baxtliman bag‘ringizda, onam, faqat,
Dalli dunyo bo‘lsa hamki xo‘p beshafqat,
Osmon olis, zamin zarang, anqodir baxt,
Guvalakdek uvalanib nurayapman.

Ko‘kka qo‘lim cho‘zsam, qo‘lim yetmayapti,
Yugursam-da, sizga yo‘lim yetmayapti.
Sizsiz hatto qultum suv ham o‘tmayapti,
Diydoringiz olovida yonayapman,
Kuting, ona, yoningizga borayapman!

Sizsiz menga bu dunyoning zavqi nima?
Sizsiz kelgan shodlig-u shavqi nima?
Tashvishlarim, to‘siq bo‘lmang siz yo‘limga,
Ona, sizsiz yaproq kabi so‘layapman,
Mehr istab yoningizga borayapman!

Dil qatiga olis damlar hissin solib,
Umringizni Haqdan so‘ray ming yolvorib,
Sitamlardan sitilgan bir jonim olib,
Jannatdayin bag‘ringizni qumsayapman,
Kuting, ona, yoningizga borayapman!

📚 O‘xshash she’rlar